Baliqchilik sohasiga Xitoyning ilg‘or tajribasini joriy etish masalalari muhokama qilindi
Kuni kecha “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Xitoy Xalq Respublikasining Brilliant International Co., Ltd. kompaniyasi hamda Xenan provinsiyasidagi “Chjenchjou qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini ommalashtirish markazi” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv mamlakatimiz baliqchilik sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuv avvalida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rahbariyati tomonidan respublikada baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaning bugungi holati hamda kelgusidagi ustuvor vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, baliq chavoqlarini yetishtirish hajmlarini oshirish, reproduktor xo‘jaliklarini rivojlantirish, yuqori sifatli baliq yemlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sovuq suv baliqlarini va qafas usulida yetishtirish texnologiyalarini keng joriy etish, eksport salohiyatini yuksaltirish hamda tabiiy suv havzalarida ovlash hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha erishilgan natijalar va asosiy statistik ko‘rsatkichlar taqdim etildi.
Uchrashuv davomida Xitoy tomoni vakillari o‘z taqdimotlarida markazning faoliyati, baliqchilik sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar hamda tarmoqni intensiv rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
O‘z navbatida Xitoylik mutaxassislar tomonidan yaratilgan va patentlangan “168 AGRO SYSTEM” texnologiyasi haqida taqdimot o‘tkazildi. Qayd etilishicha, mazkur innovatsion tizim intensiv baliq yetishtirish jarayonlarini zamonaviy agrotexnologiyalar bilan integratsiya qilish orqali yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishishga xizmat qiladi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, mazkur tizim nafaqat baliq mahsulotlari hajmini sezilarli darajada oshirishga, balki ishlatilgan suvdan sholi, poliz va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda samarali foydalanish orqali yer va suv resurslarining unumdorligini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Muloqotda tomonlar sohadagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashib, o‘zaro qiziqish uyg‘otgan masalalarni muhokama qildilar hamda kelgusidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari bo‘yicha mulohazalar bildirdilar.
